Jahon adabiyotidan kichik hikoyalar

Jahon adabiyotidan kichik hikoyalar
Hayotiy hikoyalar
29.10.2022, 22:34
258
0

Foto:Pinterest.com

​​​​​Den Endryus. Baxtsiz
Yovuzlikning yuzi bo‘lmaydi, deyishadi. Haqiqatan ham uning yuzida hech qanday ifoda yo‘q edi. Men og‘riqqa chiday olmayotgandim, u esa o‘ta sovuqqonlik bilan menga yaqinlashdi. Nahotki u ko‘zlarimdagi qo‘rquv va yuzimdagi vahimani ko‘rmayotgan bo‘lsa? U xotirjamlik bilan, yanayam aniqrog‘i, mohirlik bilan o‘z ishini yakunladi va dedi: "Tishingizni olib tashladim, og‘zingizni chayqang".
***
Nikol Veddl. Uchrashuv joyi
Qo‘ng‘iroq jiringladi.
— Allo, — dedi ayol.
— Viktoriya,bu menman. Kechqurun sohil bo‘yida uchrashaylik.
— Yaxshi, azizim.
— Iltimos, o‘zing bilan bir shisha shampan ham olib kel.
— Xo‘p, azizim.  
— Kutaman!  
Ayol xo‘rsindi, so‘ng jilmaydi.
— Qiziq, u kim bo‘ldi ekan, — dedi u.
***
Brayan Nyuell. Iblisning istagi
Ikki o‘smir iblisning asta-sekin uzoqlashib borayotganini kuzatib turishardi.  
— Sendan nimani so‘radi?
— Pul evaziga qalbimni. Sendan-chi?
— Telefon-avtomat uchun tanga so‘radi.  
— Yur, ovqatlanamiz.
— Jon derdim-u, pulim yo‘q-da.
— Hechqisi yo‘q, mening pulim ko‘p.
***
Jey Rip. Taqdir
Hayotimiz shunchalar chigallashib ketgandiki, uni yechish uchun faqat birgina yo‘l qolgandi. Qur’a tashlaymiz: agar raqamli tomoni tushsa turmush quramiz, ramzli tomoni tushsa bir umrga ajralishamiz.
Tanga tashlandi. Raqamli tomoni tushdi.
Biz unga tikilib qoldik.
So‘ng baravariga gapirib yubordik: "Balki yana bir marta tashlab ko‘rarmiz?"  
***
Endryu E. Xant. Shukrona
Yaqinda xayriya jamg‘armasida berishgan adyol uni issiq saqlar, bugun axlat qutisi ichidan topib olgan poyabzal esa oyog‘iga loyiq kelgandi.
Ko‘chadagi chiroqlar sovuq tun bo‘lsa-da uning qalbini yoritib turardi.
Xiyobondagi o‘rindiqqa qulay joylashib olgani unga huzur bag‘ishlardi.
"Xudoga shukr, — dedi u, — hayot naqadar go‘zal!"
***
Jeffri Uitmor. Choh
— Ehtiyot bo‘l, u o‘qlangan, — dedi erkak yotoqxonaga qaytib kirarkan.
Ayol divanga suyandi.
— Xotiningni shu bilan o‘ldirmoqchimisan?
— Yo‘q. Bu xavfli. Yaxshisi, qotil yollayman.
— Balki meni seni o‘ldirish uchun yollashgandir?
Erkak hiringladi.
— Erini o‘ldirish uchun ayol kishini yollashga kimning ham aqli yetardi?
Ayol miltiqni erkakka o‘qtaldi.
— Xotiningning.
***
Barnabi Konradeshe. Kasalxonada
Ayol mashinani o‘qdek uchirib kelardi. Ishqilib, ulgursin-da.
Lekin jonlantirish xonasidan chiqib kelgan shifokorning yuziga qarab u hammasini tushundi.
Ayol o‘kirib yig‘lab yubordi.
— Allerton xonim, — dedi shifokor, — xafa bo‘lmang. U sizni judayam sevarkan. Jon berayotib "Seni sevaman, Meri" dedi.
Ayol shifokorga qaradi va darhol yuzini burdi.
— Rahmat, — dedi sovuq ohangda Judit.
***
Xoup Ey Torres. Gulzorda
Qiz gulzorda turarkan, uning yugurib kelayotganini ko‘rdi.
— Tina! Gulim! Hayotim mazmuni!
Nihoyat u uzoq kutilgan so‘zlarni aytdi.
— O, Tom!
— Tina, gulim!
— O, Tom, men ham seni sevaman!
Tom uning yoniga yetib keldi, tiz cho‘kdi va qizni chetga surdi.
— Oh, gulim! Sen mening eng sevimli gulimni bosib olding!
***
Robert Tompkins. Haqiqat izlab
Nihoyat uzoq qidiruvdan so‘ng u izlaganini topdi. Xaroba kulba ichidagi olov yonida Haqiqat o‘tirardi.
U bunchalik qari va yuzlari burishgan kampirni umrida birinchi marta ko‘rayotgandi.
— Haqiqat sizmisiz?
Qari kampir tantanavor bosh silkidi.
— Sizni uzoq izladim. Siz haqingizda butun dunyodagilarga nima dey?
Kampir javob berdi:
— Ularga meni yosh va sohibjamol deb ayt!
***
Alan E. Mayer. Omadsizlik
O‘zimga kelganimda butun badanim qaqshab og‘riyotgandi. Ko‘zimni ochib tepamda egilib turgan hamshirani ko‘rdim.
— Janob Fujima, — dedi u, — omadingiz bor ekan. Ikki kun ilgari Xirosimaga atom bombasi tashlangandi, siz tirik qoldingiz.
Undan asta so‘radim:
— Hozir qaerdaman?
—Nagasakida.
***
Charlz Enrayt. Arvoh
Avtohalokat sodir bo‘lishigayoq u haqda xotinimga aytish uchun uyga shoshildim. Ammo u meni eshitmayotgandek edi. U hattoki meni ko‘rmasdi ham. U televizorni yoqdi.
Shu payt telefon jiringladi. Xotinim go‘shakni ko‘tardi. Birdan uning afti burishdi va ho‘ngrab yig‘lab yubordi.
***
Tina Milbern. Qaror
U ozodlik eshiklari yopilganini angladi.
Erkinlikdan bir umrga ayrildi, endi uning taqdiri begona qo‘llarda.
U uzoq-uzoqlarga uchib ketishni xayol qilardi. Ammo buning imkoni yo‘qligini bilib turardi.
U kuyov tomonga qaradi va “Turmushga chiqishga roziman” deya pichirladi.
 
Dilshodbek Asqarov tarjimasi.
Ctrl
Enter
Заметили ошЫбку
Выделите текст и нажмите Ctrl+Enter
Izohlar (0)
Eng koʻp oʻqilgan
Motivatsiya nima? Motivatsiya nima?

Motivatsiya - bu maqsadga yo'naltirilgan xatti-harakatlarni boshlaydigan, boshqaradigan va sa...

09.10.2022, 16:12
482
0
Anoreksiya Anoreksiya

Аsab tizimi faoliyatining buzilishi oqibatida yuzaga keluvchi anoreksiya — ogʼir psixologik va fiziologik xa...

10.10.2022, 21:12
158
0
Yosh bo‘yicha cheklov Yosh bo‘yicha cheklov