22:45
Muloqot va shaxslararo munosabatlar - ijtimoiy psixologiyaning mavzuidir
Muloqot odamlar amalga oshiradigan faoliyatlar ichida yetakchi o`rinni egallab, u insondagi eng muhim ehtiyojni — jamiyatda yashash va o`zini shaxs deb hisoblash bilan bog`liq ehtiyojini qondiradi. Shuning uchun ham uning har bir inson uchun ahamiyati kattadir.

Muloqot - odamlarning birgalikdagi faoliyatlari ehtiyojlaridan kelib chiqadigan turli faolliklari mobaynida bir-birlari bilan o`zaro munosabatlarga kirishish jarayonidir. Ya’ni, har bir shaxsning jamiyatda bajaradigan faoliyatlari (mehnat, o`qish, o`yin, ijod qilish va boshqalar) o`zaro munosabat va o`zaro ta’sir shakllarini o`z ichiga oladi. Chunki har qanday ish odamlarning bir-birlari bilan til topishishni, bir-birlariga turli xil ma’lumotlarni uzatishni, fikrlar almashinuvi kabi murakkab hamkorlikni talab qiladi. Shuning uchun ham har bir shaxsning jamiyatda tutgan o`rni, ishlarining muvaffaqiyati, obro`si uning muloqotga kirisha olish qobiliyati bilan bevosita bog`liqdir.

Bir qarashda osongina tuyulgan shaxslararo muloqot aslida juda murakkab jarayon bo`lib, unga odam hayoti mobaynida o`rganib boradi. Muloqotning psixologik jihatdan murakkab ekanligi haqida B.F.Parigin shunday yozadi: «Muloqot shunchalik ko`p qirrali jarayonki, unga bir vaqtning o`zida quyidagilar kiradi:

a) individlarning o`zaro ta’sir jarayoni;

b) individlar o`rtasidagi axborot almashinuvi jarayoni;

v) bir shaxsning boshqa shaxsga munosabati jarayoni;

g) bir kishining boshqalarga ta’sir ko`rsatish jarayoni;

d) bir-birlariga hamdardlik bildirish imkoniyati;

ye) shaxslarning bir-birlarini tushunishi jarayoni».

Shaxslararo muomalaning shaxs taraqqiyotidagi o`rni

Aslida har bir insonning ijtimoiy tajribasi, uning insoniy qiyofasi, fazilatlari, xattoki, nuqsonlari ham muloqot jarayonlarining mahsulidir. Jamiyatdan ajralgan, muloqotda bo`lish imkoniyatidan mahrum bo`lgan odam o`zida individ sifatlarini saqlab qolishi mumkin, lekin u shaxs bo`lolmaydi. Shuning uchun muloqotning shaxs taraqqiyotidagi ahamiyatini tasavvur qilish uchun uning funkqiyalarini tahlil qilamiz.

Har qanday muloqotning eng elementar funksiyasi - suhbatdoshlarning o`zaro bir - birini tushunishlarini ta’minlashdir. Bu o`zbeklarda samimiy salom - alik, ochiq yuz bilan kutib olishdan boshlanadi. O`zbek xalqining eng nodir va buyuk hislatlaridan biri ham shuki, uyiga birov kirib kelsa, albatta ochiq yuz bilan kutib oladi, ko`rishadi, so`rashadi, xol - ahvol so`raydi. Shunisi xarakterliki, ta’ziyaga borgan chog`da ham ana shunday samimiyatli qabulni his qilamiz.

Uning ikkinchi muhim funksiyasi ijtimoiy tajribaga asos solishdir. Odam bolasi faqat odamlar davrasida ijtimoiylashadi, o`ziga zarur insoniy xususiyatlarni shakllantiradi. Odam bolasining yirtqich hayvonlar tomonidan o`g`rilanib ketilishi, so`ng ma’lum muddatdan keyin yana odamlar orasida paydo bo`lishi faktlari shuni ko`rsatganki, «mauglilar» biologik mavjudot sifatida rivojlanaveradi, lekin ijtimoiylashuvda ortda qolib ketadi. Bundan tashqari, bunday xolat boladagi bilish qobiliyatlarini ham cheklashi ko`plab psixologik eksperimentlarda o`z isbotini topdi.

Muloqotning yana bir muhim vazifasi - u odamni u yoki bu faoliyatga hozirlaydi, ruhlantiradi. Odamlar guruhidan uzoqlashgan, ular nazaridan qolgan odamning qo`li ishga ham bormaydi, borsa ham jamiyatga emas, balki faqat o`zigagina manfaat keltiradigan ishlarni qilishi mumkin. Masalan, ko`plab tadqiqotlarda izolyatsiya, ya’ni odamni yolg`izlatib qo`yishning uning ruhiyatiga ta’siri o`rganilgan. Masalan, uzoq vaqt termokamerada bo`lgan odamda idrok, tafakkur, xotira, hissiy xolatlarning buzilishi qayd etilgan. Lekin ataylab emas, taqdir taqozosi bilan yolg`izlikka mahkum etilgan odamlarning maqsadli faoliyatlar bilan o`zlarini band etishlari u qadar katta salbiy o`zgarishlarga olib kelmasligini ham olimlar o`rganishgan. Lekin baribir har qanday yolg`izlik va muloqotning yetishmasligi odamda muvozanatsizlik, hissiyotga beriluvchanlik, xadiksirash, xavotirlanish, o`ziga ishonchsizlik, qayg`u, tashvish hislarini keltirib chiqaradi. Shunisi qiziqki, yolg`izlikka mahkum bo`lganlar ma’lum vaqt o`tgach ovoz chiqarib, gapira boshlasharkan. Bu avval biror ko`rgan yoki his qilayotgan narsasi xususidagi gaplar bo`lsa, keyinchalik nimagadir qarab gapiraverish ehtiyoji paydo bo`lar ekan. Masalan, bir M.Sifr degan olim ilmiy maqsadlarini amalga oshirish uchun 63 kun g`or ichida yashagan ekan. Uning keyinchalik yozishicha, bir necha kun o`tgach, u turgan yerda bir o`rgimchakni ushlab oladi va u bilan dialog boshlanadi. «Biz, deb yozadi u shu hayotsiz g`or ichidagi tanho tirik mavjudotlar edik. Men o`rgimchak bilan gaplasha boshladim, uning taqdiri uchun qayg`ura boshladim...»

Shaxsning muloqotga bo`lgan ehtiyojining to`la qondirilishi uning ish faoliyatiga ham ta’sir ko`rsatadi. Odamlar, ularning borligi, shu muhitda o`zaro gaplashish imkoniyatining mavjudligi fakti ko`pincha odamni ishlash qobiliyatini ham oshirarkan, ayniqsa, gaplashib o`tirib qilinadigan ishlar, birgalikda yonma - yon turib bajariladigan operatsiyalarda odamlar o`z oldida turgan hamkasbiga qarab ko`proq, tezroq ishlashga kuch va qo`shimcha iroda topadi. To`g`ri, bu hamkorlikda o`sha yonidagi odam unga yoqsa, ular o`rtasida o`zaro simpatiya hissi bo`lsa, unda odam ishga «bayramga kelganday» keladigan bo`lib qoladi. Shuning uchun ham amerikalik sotsiolog hamda psixolog Jon Moreno asrimiz boshidayoq ana shu omilning unumdorlikka bevosita ta’sirini o`rganib, sotsiometrik texnologiyani, ya’ni so`rovnoma asosida bir - birini yoqtirgan va bir - birini inkor qiluvchilarni aniqlagan va sotsiometriya metodikasiga asos solgan edi.

Shunday qilib, muloqot odamlarning jamiyatda o`zaro hamkorlikdagi faoliyatlarining ichki psixologik mexanizmini tashkil etadi. Qolaversa, hozirgi yangi demokratik munosabatlar sharoitida turli ishlab chiqarish qarorlarini yakka tartibda emas, balki kollegial - birgalikda chiqarish ehtiyoji paydo bo`lganligini hisobga olsak, odamlarning muomala madaniyati va muloqat texnikasi mehnat unumdorligi xamda samaradorlikning muhim omillaridandir.

Muloqotning shakllari va bosqichlari

Muloqot jarayoni o`ziga xos ravishda murakkab bo`lib, bunda uch xil bosqich mavjud.

Dastlabki bosqich — odamning o`z-o`zi bilan muloqotidir. T.Shibutani “Ijtimoiy psixologiya" darsligida: «Agar odam ozgina bo`lsa ham o`zini anglasa, demak, u o`z-o`ziga ko`rsatmalar bera oladi»— deb to`g`ri yozgan edi. Odamning o`z-o`zi bilan muloqoti aslida uning boshqalar bilan muloqotining harakterini va hajmini belgilaydi. Agar odam o`z-o`zi bilan muloqot qilishni odat qilib olib, doimo jamiyatdan o`zini chetga tortib, tortinib yursa, demak u boshqalar bilan suhbatlashishda, til topishishda jiddiy qiyinchiliklarni boshdan kechiradi, deyish mumkin. Demak boshqalar bilan muloqot— muloqotning ikkinchi bosqichidir.

A. N. Leontev o`zining “Psixika taraqqiyotidan ocherklar" kitobida muloqotning uchinchi shakli—avlodlar o`rtasidagi muloqotning ahamiyati to`g`risida shunday deb yozadi: «Agar barcha katta avlod o`lib ketganida, insoniyat turi yo`q bo`lib ketmasdi, lekin jamiyatning taraqqiyoti ancha orqaga surilibgina emas, balki yo`qolib ham ketishi mumkin edi». Haqiqatan ham, avlodlararo muloqotning borligi tufayli har bir jamiyatning o`z madaniyati, madaniy boyliklari, qadriyatlari mavjud bo`ladiki, buning ahamiyatini tushungan insoniyatning eng ilg`or vakillari uni doimo keyingi avlodlar uchun saqlab keladilar hamda ta’lim, tarbiya va kundalik muloqot jarayonida uni avloddan-avlodga uzatadilar.

Muloqotning hayotimizdagi shakl va ko`rinishlariga kelsak uning har bir shaxsning hayotiy vaziyatlarga mos keladigan, o`sha vaziyatlardan kelib chiqadigan ko`rinishlari va turlari haqida gapirish mumkin. Lekin umumiy holda har qanday muloqot yo rasmiy yoki norasmiy tusda bo`ladi. Agar rasmiy muloqot odamlarning jamiyatda bajaradigan rasmiy vazifalari va xulq-atvor normalaridan kelib chiqsa, masalan, rahbarning o`z qo`l ostida ishlayotgan xodimlar bilan muloqoti, professorning talaba bilan muloqoti va hokazo, norasmiy muloqot — bu odamning shaxsiy munosabatlariga tayanadi va uning mazmuni o`sha suhbatdoshlarnnng fikr-o`ylari, niyat-maqsadlari va emotsional munosabatlari bilan belgilanadi. Masalan, do`stlar suhbatdoshi, poezdda uzoq safarga chiqqan yo`lovchilar suhbati, tanaffus vaqtida talabalarning sport, moda, shaxsiy munosabatlar borasidagi munozaralari. Odamlarning asl tabiatlariga mos bo`lgani uchun ham norasmiy muloqot doimo odamlarning hayotida ko`proq vaqtini oladi va bunda ular charchamaydilar. Lekin shuni ta’kidlash kerakki, odamda ana shunday muloqotga ham qobiliyatlar kerak, ya’ni uning qanchalik sergapligi, ochiq ko`ngilligi, suhbatlashish yo`llarini bilish, til topishish qobiliyati, o`zgalarni tushunishi va boshqa shaxsiy sifatlari kundalik muloqotning samarasiga bevosita ta’sir ko`rsatadi. Shuning uchun hamma odam ham rahbar bo`lolmaydi, ayniqsa, pedagogik ishga hamma ham qo`l uravermaydi, chunki buning uchun undan ham rasmiy, ham norasmiy muloqot texnikasidan xabardorlik talab qilinadi.

Muloqot mavzui va yo`nalishiga ko`ra, uning:

  • ijtimoiy yo`naltirilgan (keng jamoatchilikka qaratilgan va jamiyat manfaatlaridan kelib chiqadigan muloqot);

  • guruhdagi predmetga yo`naltirilgan (o`zaro hamkorlikdagi faoliyatni amalga oshirish mobaynidagi muloqot — mehnat, ta’lim jarayonidagi yoki konkret topshiriqni bajarish jarayonida guruh a’zolarining muloqoti);

  • shaxsiy muloqot (bir shaxsning boshqa shaxs bilan o`z muammolarini ochish maqsadida o`rnatgan munosabatlari); pedagogik muloqot (pedagogik jarayonda ishtirok etuvchilar o`rtasida amalga oshiriladigan murakkab o`zaro ta’sir jarayoni) turlari farqlanadi.

Muloqotning turi va shakllari turlichadir. Masalan, bu faoliyat bevosita «yuzma - yuz» bo`lishi yoki u yoki bu texnik vositalar (telefon, telegraf va shunga o`xshash) orqali amalga oshiriladigan; biror professional faoliyat jarayonidagi amaliy yoki do`stona bo`lishi; sub’ekt - sub’ekt tipli (dialogik, sheriklik) yoki sub’ekt - ob’ektli (monologik) bo`lishi mumkin.

Har bir muloqot turining o`z qonun-qoidalari, ta’sir usullari va yo`l-yo`riqlari borki, ularni bilish har bir kishining, ayniqsa odamlar bilan doimo muloqotda bo`ladiganlarning burchidir.


Muloqotning psixologik tizimi va vazifalari

Muloqot murakkab jarayon bo`lganligi uchun ham ayrim olingan muloqot shaklini analiz qilganimizda, unda juda xilma-xil ko`rinishlar, komponentlar va qismlar borligini aniqlashimiz mumkin.





Muloqot jarayonining murakkab psixologik tabiatini bilish, turli sharoitlarda samarali munosabatlar o`rnatish malakasini oshirish uchun uning tarkibiga kiruvchi har bir element yoki bo`laklar bilan alohida tanishib chiqamiz.

G.M.Andreeva muloqotning quyidagi psixologik tuzilishini taklif etadi:

1. Muloqotning kommunikativ tomoni (ya’ni muloqotga kirishuvchilar o`rtasidagi ma’lumotlar almashinuvi jarayoni).

2. Muloqotning interaktiv tomoni (ya’ni muloqotga kirishuvchi tomonlarning xulq-atvorlariga ta’sir jarayoni).

3. Muloqotning perseptiv tomoni (ya’ni muloqotga kirishuvchi tomonlarning bir-birlarini idrok etishlari va tushunishlari bilan bog`lik bo`lgan murakkab psixologik jarayon).

Bu strukturaning har bir tomonini batafsil ko`rib chiqamiz.

Ko`pgina olimlar muloqotning inson hayotidagi ahamiyatiga to`xtalib o`tar ekanlar, uning qator vazifalari, funksiyalarini ajratadilar. Masalan, taniqli rus olimi B.F.Lomov uning funksiyalariga quyidagilarni kiritadi:

a) ma’lumotlar almashinuvi funksiyasi;

b) xulq-atvorni boshqaruv funksiyasi;

v) hissiyotlar almashinuvi.

Bu funksiyalar aslida G.M.Andreeva ajratgan muloqot qismlariga ham mos keladi, ya’ni har bir muloqot jarayonida B.F.Lomov qayd etgan vazifalarni topish mumkin.


Mavzu yuzasidan qisqacha xulosa:

Mazkur mavzu orqali muloqotning ijtimoiy ta’sir vositasi sifatida vazifalari, shaxs taraqqiyotida tutgan o`rni, uning turlari, shakllari, bosqichlari, psixologik tuzilishiga oid ma’lumotlar, bilim, malaka va ko`nikmalar shakllantiriladi.


Nazorat savollari va mustaqil ishlar mavzulari:

1. Muloqot va shaxslararo munosabatlar ijtimoiy

psixologiyaning mavzuidir.

2. Shaxslararo muomalaning shaxs taraqqiyotidagi o`rni.

3. Muloqot shakllari va bosqichlari.

4. Muloqotning psixologik tizimi va vazifalari.


Mavzu yuzasidan adabiyotlar ro`yhati:

  1. G`oziev E.G. Muomala psixologiyasi. T-2001.

  2. “Psixologiya” Uch. T-2. “Prospekt”. Moskva - 2004.

  3. Vedenskaya L.V, Pavlova L.A. Delovaya retorika: uchebnoe posobie dlya vuzov.- M.:IKS “MarT”, 2004-512 s.

  4. Nemov R.S. Prakticheskaya Psixologiya Poznanie sebya: Vliyanie na lyudey:Posobie dlya uch-sya-M:Gumanit. Izd.Sentr VLADOS, 2003. 320 s.

  5. www.psycho.all.ru 

  6. www.psychology.net.ru 
Категория: Ta'lim tizimi | Просмотров: 1130 | Добавил: polvonnazir96 | Теги: Malaka | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
Yosh bo‘yicha cheklov Yosh bo‘yicha cheklov