22:51
Muomalaning kommunikativ, interaktiv va perseptiv tomonlari psixologiyasi
Muomalaning kommunikativ, interaktiv va perseptiv tomonlari psixologiyasi

REJA:

1.Muloqotning kommunikativ tomoni - ma’lumotlar almashinuv jarayonidir.

2.Muloqotning verbal, noverbal, paralingvistik vositalari.

3.Muloqotning interaktiv tomoni.

4.Muloqotning perseptiv tomoni.

Muloqotda psixologik ta’sir masalalari.

Muloqotda nizoli xolatlar va shaxs toifalari.

Muloqotning kommunikativ tomoni - ma’lumotlar almashinuv jarayonidir

Muloqotning kommunikativ tomoni deyilganda, uning shaxslararo axborotlar, bilimlar, g`oyalar, fikrlar almashinuvi jarayoni sifatidagi vazifalari nazarda tutiladi. Bu jarayonning asosiy vositasi bo`lib til xizmat qiladi. Til shaxslar o`rtasida aloqa vositasi bo`lib, uning yordamida kishilar bilgan ma’lumotlari va hokazolarni bir-birlariga yetkazadilar. Ma’lumki, aloqa vositasi sifatida nutqning asosan 2 turi farqlanadi: yozma nutq hamda og`zaki nutq. Og`zaki nutqning o`zi dialogik va monologik turlarga bo`linadi.

Dialogik nutqning mazmuni, uning xarakteri, davomiyligi muloqotga kirishgan shaxslarning shaxsiy qarashlariga, qiziqishlariga, bir-birlariga bo`lgan munosabatlariga, maqsadlariga bevosita bog`liq bo`ladi. Shuning uchun ham o`qituvchi bilan o`quvchining, hissiy rahbarlarning, diplomatlarning, ko`chada uchrashib qolgan dugonalarning dialogik suhbatlari bir-biridan farq qiladi.

Monologik nutq esa bir kishining boshqa kishiga yoki kishilar guruhiga nisbatan murojaati bo`lib, uning psixo­logik tuzilishi, fikrlarning mantiqan tugal bo`lishi, gapirayotgan paytda grammatik qonun-qoidalarga rioya qilish kerakligi kabi shartlari mavjud. Masalan, ma’ruzaga tayyorlanayotgan talaba tayyorgarlik paytidan boshlab, ma’ruza qilib bo`lgunga qadar, qator ichki ruhiy kechinmalarni boshdan kechiradi, unga ko`p kuch va vaqt sarflaydi. Dialogik nutqqa nisbatan bu nutq turi murakkabroq hisoblanadi. Til vositasida olib boriladigan muloqot verbal, ya’ni so`zli deyiladi.

Muloqotning verbal, noverbal, paralingvistik ta’sir vositalari

Odamlar muloqot jarayonida so`zlardan tashqari, ya’ni verbal vositalardan tashqari turli xil harakatlardan, qiliqlardan holatlardan, kulgu, ohanglar va boshqalardan ham foydalanadilar. Qiliqlar, mimika, ohanglar, to`xtashlar (pauza), hissiy holatlar, kulgu, yig`i, ko`z qarashlar, yuz ifodalari va boshqalar o`zaro muloqotning nutqsiz vositalari bo`lib, ular muloqot jarayonini yanada kuchaytirib, uni to`ldiradi, ba’zan esa nutqli muloqotning o`rnini bosadi, bunday vositalarni noverbal vositalar deyiladi.

Buyuk rus yozuvchisi L. Tolstoy odamlarda 97 xil kulgu turi hamda 85 xil ko`z qarashlari turi borligini kuzatgan. G. M. Andreevaning yozishicha, odam yuz ifodalari, nigohlarning 2000 ga yaqin ko`rinishlari bor. Ayniqsa, birinchi bor uchrashganda ko`zlar to`qnashuvi, nigohlarning roli keyingi muloqotning taqdiriga kuchli ta’sir ko`rsatishi maxsus tadqiqotlar jarayonida o`rganilgan. Bularning barchasi muloqotning hissiy tomondan boy, mazmundor bo`lishini ta’minlab, odamlarning bir-birlarini tushunishlariga yordam beradi. Muloqotning noverbal vositalarining milliy hamda xududiy xususiyatlari borligini ham alohida ta’kidlab o`tmoq lozim. Masalan, o`zbek xalqining muloqot jarayoni boy, o`zaro munosabatlarining bevosita xarakteri unda shunday vositalarning ko`proq ishlatilishi bilan bog`liq. Bolalarning o`z yig`isi bilan onasiga o`z his-kechinmalari hamda xohishlarini bildirishlari ham bolalarning yosh xususiyatlariga bog`liq. Boshqa millatlar madaniyatiga nazar tashlanadigan bo`lsa, ularda ham ba’zi bir muloqot vositalarining turli millatlarda turli maqsadlarda ishlatilishining guvohi bo`lish mumkin. Bolgarlar agar biron narsa bo`yicha fikrni tasdiqlamoqchi bo`lishsa, boshlarini u yoq-bu yoqqa chayqashar, inkor qilishmoqchi bo`lsa, aksincha, bosh siltashar ekan. Ma’lumki, o`zbeklar, ruslar va bir qator boshqa millatlarda buning aksi.

Noverbal muloqotda suhbatdoshlarning fazoviy joylashuvlari ham katta ahamiyatga ega. Masalan, ayollar ko`proq hissiyotlarga boy bo`lganliklari sababli, suhbatlashayotganlarida bir-birlariga yaqin turib gaplashadilar, erkaklar o`rtasida esa doimo fazoviy masofa bo`ladi. Olimlarning aniqlashlaricha, bolalarni odatdagiday orqama-ketin o`tqazib o`qitgandan ko`ra, ularni yuzma-yuz o`tkazib davra qurib o`qitgan ma’qul emish, chunki bunday sharoitda o`quvchilarda ham javobgarlik hissi yuqoriroq bo`lar ekan hamda emotsiyalar almashinishgani uchun ham guruhdagi psixologik vaziyat ijobiy bo`lib, bolalarning predmetga va bir-birlariga munosabatlari ancha yaxshi bo`lar ekan.

Paralingvistik ta’sir - bu nutqning atrofidagi nutqni bezovchi, uni kuchaytiruvchi yoki susaytiruvchi omillar. Bunga nutqning baland yoki past tovushda ifodalanayotganligi, artikulyatsiya, tovushlar, to`xtashlar, duduqlanish, yo`tal, til bilan amalga oshiriladigan harakatlar, nidolar kiradi. Shunga qarab, masalan, do`stimiz bizga biror narsani va’da berayotgan bo`lsa, biz uning qay darajada samimiyligini bilib olamiz. Kuyib - pishib, ochiq yuz va dadil ovoz bilan «Albatta bajaraman!», desa ishonamiz, albatta.

Demak, ta’lim-tarbiya jarayonini tashkil etishda muloqotning barcha vositalariga, ayniqsa, nutqqa e’tibor berish kerak. Bolalarni ilk yoshlik chog`laridanoq nutq madaniyatiga o`rgatish, nutqlarini o`stirish choralarini ko`rish zarur. Pedagog esa shunday nutq madaniyatiga ega bo`lishi kerakki, u avvalo uning faoliyatini to`g`ri tashkil etishni ta’minlasin, qolaversa, bolalarda nutqning o`sishiga imkoniyat bersin.

Muloqotning interaktiv tomoni

Muloqotning bu xususiyati kishilarning muloqot jarayonida birgalikdagi faoliyatda bir-birlariga amaliy jihatdan bevosita ta’sir etishlarinn ta’minlaydi. Shu tufayli odamlar hamkorlikda ishlash, bir-birlariga yordam berish, bir-birlaridan o`rganish, harakatlar muvofiqligiga erishish kabi qator qobiliyatlarini namoyon etishlari mumkin. Shu tufayli o`qituvchi bola shaxsiga maqsadga yo`nalgan holda ta’sir ko`rsatishi mumkin. Aslini olganda, har qanday muloqot, agar u bema’ni, maqsadsiz, quruq gaplardan iborat bo`lmasa, doimo muloqotga kirishuvchilarning xulq-atvorlarini, ularning ustanovkalarini o`zgartirish imkoniyatiga ega.

Jamiyat miqyosida oladigan bo`lsak, odamlarning turli sharoitlarda o`zlarini tutishlari, xulq-atvorlarining boshqarilishi ma’lum psixologik qonuniyatlarga bog`liqligini ko`rish mumkin. Bunga sabab jamiyatda qabul qilingan turli normalar, qonun-qoidalardir. Chunki, o`zaro muloqot va o`zaro ta’sir jarayonlarida shunday hatti-harakatlar obrazlari kishilar ongiga singib boradiki, ularni har bir kishi norma sifatida qabul qiladi. Masalan, o`smir bola, umuman yoshlar jamoat joylarida kattalarga o`rin bo`shatib berishlari kerakligi ham xulq-atvorning bir normasi. Shu normaga amal qilish yoki qilmaslik ijtimoiy nazorat tizimi orqali boshqariladi. Ya’ni, yuqoridagi sharoitda agar o`smir bola avtobusda qariyaga joy bo`shatmasa, jamoatchilik o`sha zahoti uni ijtimoiy tartibga chaqiradi. Demak, har bir shaxs turli sharoitlarda turlicha rollarni bajaradi, bu rollarning qanday bajarilayotganligi, odamlarning kutishlariga mos kelishligi ijtimoiy nazorat tizimi orqali kuzatib turiladi. Shuning uchun ham muloqotga kirishgan kishilar doimo o`z xulq-atvorlarini, qolaversa, o`zgalarning xulq-atvorini nazorat qilib, harakatlarda bir-birlariga moslashadilar. Lekin gohida shaxsdagi rollarning ko`p bo`lishi rollarning ziddiyatiga olib kelishi mumkin. Masalan, maktab o`qituvchisining o`zi o`qitayotgan sinfda farzandi bo`lsa, dars paytida shunday ziddiyatni boshdan kechirishi mumkin, ya’ni bir vaqtning o`zida ham ota yoki ona, ham o`qituvchi rolini bajarishga majbur bo`ladi. Yoki xulqi yomon o`quvchining uyiga kelgan o`qituvchi bir vaqtning o`zida ham o`qituvchi, ham mehmon rollari o`rtasida qiynaladi.

Turli rollarni bajarayotgan shaxslarning o`zaro muloqotlari kutishlar tizimi orqali boshqariladi. Masalan, xohlaydimi yoki xohlamaydimi, o`qituvchidan ma’lum harakatlarni kutishadiki, ular o`qituvchi roliga zid bo`lmasligi kerak. O`z rollariga mos harakat qilgan, doimo me’yor mezonida ish tutgan kishining harakatlari odobli harakatlar deb ataladi. Masalan, o`qituvchining odobi, o`z kasbini ustasi ekanligi, bolalar qalbini tushuna olishi, ularning yosh va individual xususiyatlarini hisobga olgan holda ish tutishi uning odobga ega ekanligining belgisidir. Odobsiz odam esa buning aksidir.

Demak, o`zaro muloqot jarayonida bir odam ikkinchi odamga psixologik ta’sir ko`rsatadi. Bu ta’sir ikkala tomondan ham anglanishi yoki anglanmasligi mumkin. Ya’ni, ba’zan biz nima uchun bir shaxsning bizga naqadar kuchli ta’sirga ega ekanligini, boshqa biri esa, aksincha, hech qanday ta’sir kuchiga ega emasligini tushunib yetmaymiz. Bu esa pedagogikada muhim muammodir. Har bir pedagogning o`z ta’sir uslublari va ta’sir kuchi bo`ladi. O`qituvchi shaxsining bolalarga ta’siri quyidagi eksperimentda juda yaqqol kuzatilgan. Boshlang`ich sinf o`quvchilariga anchagina o`yinchoqlar berib, shularning ichida faqat bittasiga, qizil yog`och o`yinchoqqa tegmaslik aytilgan. Bolalar yolg`iz qoldirilib, harakatlari pinxona kuzatilgan. Juda ko`p bolalar taqiqlangan o`yinchoqqa baribir tegishgan. Eksperimentning ikkinchi seriyasida esa endi barcha uyinchoqqa tegish mumkin-u, faqat qizil qutichaning qopqog`ini ochish mumkin emas, deb aytilgan. Shu quticha tepasiga esa shu bolalarning o`qituvchisi surati ilib qo`yishgan. Bu seriyada birinchisiga qaraganda “ta’qiqni buzuvchilar" soni keskin kamaygan. Demak, bu narsa o`qituvchi shaxsining bola harakatlariga ta’sirini yaqqol isbotlab turibdi.

Shaxslararo ta’sir haqida gap ketganda, o`qituvchi obro`yining roli haqida ham aytish lozim. Chunki, obro`li odam doimo o`sha obro` qozongan guruhida o`z mavqeiga va ta’siriga ega bo`ladi. Shaxs obro`yi uning boshqa shaxslarga irodaviy va emotsional ta’sir ko`rsata olish qobiliyatidir. Ma’lumki, obro` amal yoki hayotiy tajriba bilangina orttirilmay, uning haqiqiy asosi — shaxsning odamlar bilan to`g`ri munosabati, undagi odamiylik xislatlarining, boshqa ijobiy xislatlarining uyg`unlashuvidadir. Psixologik obro` — ta’sir ko`rsatishning eng muhim mezonidir.

Muloqotning perseptiv tomoni

Muloqot jarayonida odamlar bir-birlari bilan ma’lumotlar almashib, o`zaro ta’sir ko`rsatibgina qolmay, balki bir-birlarini to`g`riroq va aniqroq anglashga, tushunishga va idrok qilishga harakat qiladilar. Bu tomon shaxsiy idrok va tushunish muammosi bilan bog`liqdir. Birgalikdagi faoliyat jarayonida shaxslarniig bir-birlarini to`g`ri tushunishlari na aniq idrok qilishlari muloqotning samarali bo`lishini ta’minlaydi. Rus psixologi A.A. Bodalev boshchiligidagi laboratoriya bir-birlarini idrok qilish mexanizmlarini aniqlash borasida qator psixologik qonuniyatlarni kuzatgan. Bunday mexanizmlarga:

  • identifikatsiya;

  • refleksiya;

  • stereotipizatsiya kiradi.

Identifikatsiya shunday psixologik hodisaki, bunda suhbatdoshlar bir-birlarini to`g`riroq idrok qilish uchun o`zlarini bir-birlarining o`rniga qo`yib ko`rishga harakat qiladilar. Ya’ni, o`zidagi bilimlar, tasavvurlar, hislatlar orqali boshqa birovni tushunishga harakat qilish, o`zini birov bilan solishtirish (ongli yoki ongsiz) identifikatsiyadir. Masalan, birinchi marta uchrashuvga ketayotgan yigitning ichki holatini uning o`rtog`i yoki akasi tushunishi mumkin.

Refleksiya muloqot jarayonida suhbatdoshning pozitsiyasidan, xolatidan turib, o`zini tasavvur qilishdir, ya’ni refleksiya, boshqa odamning idrokiga taalluqli bo`lib o`ziga birovning ko`zi bilan qarashga intilishdir. Chunki, busiz odam muloqot jarayonida o`zini aniq bilmasligi, noto`g`ri muloqot formalarini tanlashi mumkin.

Stereotipizatsiya odamlar ongida muloqotlar mobaynida shakllanib o`rnashib qolgan ko`nikib qolingan obrazlardan shablon sifatida foydalanish hollaridir. Ijtimoiy stereotiplar har bir shaxsda u yoki bu guruhli kishilar haqida shakllangan obrazlardir. A.A. Bodalev va uning shogirdlari bunday stereotiplar ba’zan muloqotni to`g`ri yo`nalganligini ta’minlasa, boshqa hollarda esa undagi xatoliklarning sababi bo`lishi mumkinligini kuzatishgan. Idrok va tushunish borasidagi bunday xatoliklar kauzal atributsiya (lotinchasiga “kauza" — sabab, “atrebutsio" — bermoq, qo`shib bermoq ma’nosini bildiradi) deb ataladi. Masalan, o`qituvchi bilan hamsuhbat bo`lib qolgan odamda suhbat boshidayoq “hozir odob-ahloqdan dars berishni boshlamasmikan" degan shubha paydo bo`lishi mumkin. Bu ham stereotip. Bundan tashqari, odamlar birinchi marta ko`rgan odam to`g`risida tasavvurga ega bo`lish maqsadida uning tashqi qiyofasi bilan xarakteri o`rtasida bog`liqliklar o`rnatishga harakat qilarkan, shunday bog`liqliklarni aniqlash maqsadida A.A. Bodalev talabalar guruhiga turlicha qiyofali shaxslarning fotosuratlarini ko`rsatgan. 72 kishidan 9 tasi iyagi katta kishilar kuchli iroda egalari ekanligini, 17 tasi peshonasi keng odamlar aqlli ekanliklarini, 3 kishi sochi qattik odamlarning qaysarroq, qatiy ekanliklarini, 5 kishi kichik bo`yli odamlar hokimiyatga intilgan, boshqalar ustidan buyruq berishga moyil, chiroyli odamlar yo o`ta o`ziga bino qo`ygan yoki nodon bo`lishligini aytishgan va hokazo.

Tabiiyki, bunday fikrlar mutlaq to`g`ri emas, lekin kishilar ongida avloddan-avlodga o`tib kelayotgan tasavvurlar shunday obrazlarni shakllantirgan. Notanish odam haqida tushunchaning shakllanishida u haqida berilgan birlamchi ma’lumot katta rol o`ynaydi. Masalan, talabalarning ikki guruhiga bir xil portret ko`rsatib, birinchi guruhda bu odam yirik olim, ikkinchisida esa, bu — davlat jinoyatchisi deb, unga ikkala holda ham ijtimoiy-psixologik xarakteristika berishlarini so`ragan. Ko`rsatmalar har xil bo`lganligi sababli berilgan ta’riflar ham har xil bo`lgan. Birinchi guruhdagi talabalar bu odam mehnatkash, mehribon, shafqatli, g`amxo`r, aqlli bo`lsa kerak, deyishgan bo`lsa, ikkinchi guruhdagilar uni – beshafqat, makkor, qatiyatli deb ta’riflashgan. Birinchi guruhdagilar portretdagi ko`zlarni dono, muloyim deyishgan bo`lsa, boshqalar ularni yovuz, beshafqat deb aytishgan.

Shunday qilib, ijtimoiy persepsiya yoki odamlarning bir-birlarini to`g`ri idrok etish va tushunish jarayoni muloqotning muhim muammolaridan biridir. Bu jarayon psixologik jihatdan murakkab bo`lib, unda muloqotga kirishayotgan tomonlarning har biri alohida ana shu idrokning ham ob’ekti, ham sub’ekti bo`lib faoliyat ko`rsatadilar. Idrokning ob’ekti sifatida shaxs qaralganda, unda hosil bo`ladigan “boshqa odam obrazi" ning barcha sifatlari va qirralari nazarda tutiladi. Bunday obraz paydo bo`lishiga xizmat qiladigan belgilarga: o`sha odamning tashqi qiyofasi, uning kiyinishi, o`zini tutishi, hissiy holati, ovozi, nutqi, qiliqlari, yurishi va hokazolar kiradi. Lekin shularning ichida odamning yuzi muloqot mobaynida suhbatdoshga eng ko`p ma’lumot beradigan ob’ektdir. Shuning uchun ham telefonda suhbatlashgandan ko`ra yuzma-yuz suhbatlashish ancha oson va axborotlarga boydir.

Odamlarning bir-birlarini to`g`ri idrok etishlari ularning perseptiv, ya’ni hissiy bilish (idrok sezish) sohasiga aloqador bo`lsa, bir-birlarini tushunishi ularning tafakkur sohalariga bevosita bog`liq murakkab jarayondir. Boshqa odamni to`g`ri tushungan shaxs uning hissiy holatiga kira olgan hisoblanadi, boshqacha qilib aytganda, unda empatiya — birovlarning his kechinmalarini tushuna olish qobiliyati rivojlangan bo`ladi. Yuksak ongli, madaniyatli, “ko`pni ko`rgan" shaxsgina boshqalarni to`g`ri tushunishi, ularning mavqeida tura olishi mumkin.

Muloqotda psixologik ta’sir masalalari

Odamlar bir - birlari bilan muomalaga kirishar ekan, ularning asosiy ko`zlagan maqsadlaridan biri - o`zaro bir - birlariga ta’sir ko`rsatish, ya’ni fikr - g`oyalariga ko`ndirish, harakatga chorlash, ustanovkalarni o`zgartirish va yaxshi taassurot qoldirishdir. Psixologik ta’sir - bu turli vositalar yordamida insonlarning fikrlari, hissiyotlari va hatti - harakatlariga ta’sir ko`rsata olishdir.

Ijtimoiy psixologiyada psixologik ta’sirning asosan uch vositasi farqlanadi.

  1. Verbal ta’sir - bu so`z va nutqimiz orqali ko`rsatadigan ta’sirimizdir. Bundagi asosiy vositalar so`zlardir. Ma’lumki, nutq - bu so`zlashuv, o`zaro muomala jarayoni bo`lib, uning vositasi - so`zlar hisoblanadi. Monologik nutqda ham, dialogik nutqda ham odam o`zidagi barcha so`zlar zahirasidan foydalanib, eng ta’sirchan so`zlarni topib, sherigiga ta’sir ko`rsatishni xohlaydi.

  2. Noverbal ta’sirning ma’nosi «nutqsiz»dir. Bunga suhbatdoshlarning fazoda bir - birlariga nisbatan tutgan o`rinlari, xolatlari (yaqin, o`zoq, intim), qiliqlari, mimika, pantomimika, qarashlar, bir - birini bevosita his qilishlar, tashqi qiyofa, undan chiqayotgan turli signallar (shovqin, hidlar) kiradi.

  3. Paralingvistik ta’sir - bu nutqning atrofidagi nutqni bezovchi, uni kuchaytiruvchi yoki susaytiruvchi omillar. Bunga nutqning baland yoki past tovushda ifodalanayotganligi, artikulyatsiya, tovushlar, to`xtashlar, duduqlanish, yo`tal, til bilan amalga oshiriladigan harakatlar, nidolar kiradi. Ularning barchasi muloqot jarayonini yanada kuchaytirib, suhbatdoshlarning bir - birlarini yaxshiroq bilib olishlariga yordam beradi. Masalan, agar uchrashuvning dastlabki daqiqalarida o`rtog`ingiz sizga qaramay, atrofga alanglab, «Ko`rganimdan biram xursandman», desa, ishonasizmi?

Muloqot jarayonidagi xarakterli narsa shundaki, suhbatdoshlar bir - birlariga ta’sir ko`rsatmoqchi bo`lishganda, dastavval nima deyish, qanday so`zlar vositasida ta’sir etishni o`ylar ekan. Aslida esa, o`sha so`zlar va ular atrofidagi harakatlar muhim rol o`ynarkan. Masalan, mashhur amerikalik olim Megrabyan formulasiga ko`ra, birinchi marta ko`rishib turgan suhbatdoshlardagi taassurotlarning ijobiy bo`lishiga gapirgan gaplari 7%, paralingvistik omillar 38%, va noverbal harakatlar 58% gacha ta’sir qilarkan. Keyinchalik bu munosabat o`zgarishi mumkin albatta, lekin xalq ichida yurgan bir maqol to`g`ri : «Ust - boshga qarab kutib olishadi, aqlga qarab kuzatishadi».

Muloqotning qanday kechishi va kimning ko`proq ta’sirga ega bo`lishi sheriklarning rollariga ham bog`liq. Ta’sirning tashabbuskori - bu shunday sherikki, unda ataylab ta’sir ko`rsatish maqsadi bo`ladi va u bu maqsadni amalga oshirish uchun barcha yuqorida ta’kidlangan vositalardan foydaladi. Agar boshliq ishi tushib, biror xodimni xonasiga taklif etsa, u o`rnidan turib kutib oladi, iltifot ko`rsatadi, xol - ahvolni ham quyuqroq so`raydi va so`ngra gapning asosiy qismiga o`tadi.

Ta’sirning adresati - ta’sir yo`naltirilgan shaxs. Lekin tashabbuskorning suhbatga tayyorgarligi yaxshi bo`lmasa, yoki adresat tajribaliroq sherik bo`lsa, u tashabbusni o`z qo`liga olishi va ta’sir kuchini qayta egasiga qaytarishi mumkin bo`ladi.

Shu o`rinda odamlarni samarali muloqotga o`rgatish muammosi haqida keltirmoqchimiz. Chunki bugungi kunda bu muammo ijtimoiy psixologiyaning muhim masalalaridandir.

Ma’lumki, gaplashayotgan odamlar biri gapiradi, ikkinchisi tinglaydi, eshitadi. Muloqotning samaradorligi ana shu ikki qirraning qanchalik o`zaro mosligi, bir - birini to`ldirishiga bog`liq ekan. Noto`g`ri tasavvurlardan biri shuki, odamni muomala yoki muloqotga o`rgatganda, uni faqat gapirishga, mantiqan asoslangan so`zlardan foydalanib, ta’sirchan gapirishga o`rgatishadi. Uning ikkinchi tomoni - tinglash qobiliyatiga deyarli e’tibor berilmaydi. Mashhur amerikalik notiq, psixolog Deyl Karnegi «Yaxshi suhbatdosh - yaxshi gapirishni biladigan emas, balki yaxshi tinglashni biladigan suhbatdoshdir» deganda aynan shu qobiliyatlarning insonlarda rivojlangan bo`lishini nazarda tutgan edi.

Mutaxassislarning aniqlashlaricha, ishlayotgan odamlar vaqtining 45%i tinglash jarayoniga ketar ekan, odamlar bilan doimiy muloqotda bo`ladiganlar 35 - 40 % oylik maoshlarini odamlarni «tinglaganlari» uchun olarkanlar. Bundan shunday xulosa kelib chiqadiki, kommunikatsiyaning eng qiyin sohalaridan hisoblangan tinglash qobiliyati odamga ko`proq foyda keltirarkan.

Shuning uchun bo`lsa kerak, nemis faylasufi A. Shopengauer «Odamlarni o`zingiz to`g`ringizda yaxshi fikrga ega bo`lishlarini xohlasangiz, ularni tinglang» deb yozgan ekan. Darhaqiqat, agar siz kuyunib gapirsangizu, suhbatdoshingiz sizni tinglamasa, boshqa narsa bilan ovora bo`laversa, undan ranjiysiz, nafaqat ranjiysiz, balki u bilan aloqani ham uzasiz. O`qituvchi gapirayotgan paytda uni tinglamaslik odobsizlikning eng keng tarqalgan ko`rinishi deb baholanishini bilasizmi?

Nima uchun biz ko`pincha yaxshi gapiruvchi, so`zlovchi bo`la olamiz-u, yaxshi tinglovchi bo`la olmaymiz? Psixologlarning fikricha, asosiy xalaqit beruvchi narsa - bu bizning o`z fikr - o`ylarimiz va xohishlarimiz og`ushida bo`lib qolishimizdir. Shuning uchun ham ba’zan rasman sherigimizni tinglayotganday bo`lamiz, lekin aslida xayolimiz boshqa yerda bo`ladi. Tinglashning ham xuddi gapirishga o`xshash texnikasi, usullari mavjud. Ularning turi ham ko`p , lekin asosan biz kundalik hayotda uning ikki usulini qo`llaymiz : so`zma - so`z qaytarish va boshqacha talqin etish. Birinchisi, suhbatdosh so`zlarining bir qismini yoki yaxliticha qaytarish orqali, sherikni qo`llab - quvvatlashni bildiradi. Ikkinchi usul esa - sherigimiz so`zlarini tinglab, undagi asosiy g`oyani muxtasar, o`zimizning talqinimizda ifoda etish. Ikkala usul ham sherik uchun muhim, chunki u sizning tinglayotganingizni, xattoki, undagi g`oyalarga qarshi emasligingizni bildiradi. Bunday tashqari, biz yaxshi tinglayotgan bo`lib, «Yo`q-e?», «Nahotki?», «Qara-ya?», «Yasha!» luqmalari bilan ham suhbatdoshimizni gapirishga, yanayam o`z fikrlarini oydinlashtirishga chaqirib turamiz.

Demak, aslida bizdagi gapirayotgan shaxs yetakchi, u suhbatning mutloq xokimi, degan tasavvur unchalik to`g`ri emas. Yaxshi tinglashda ham shunday kuch borki, u suhbatdoshni Sizga juda yaqinlashtiradi, ishonchni tug`diradi. Chunki muloqot jarayonidagi eng qimmatli narsa - bu axborotning o`zi. Tinglayotgan odam ma’nili, yaxshi dialogdan faqat yaxshi, foydali ma’lumot oladi. Gapirgan esa aksincha, o`zidagi borini berib, gapirmaydigan suhbatdoshdan «teskari aloqani» olib ulgurmay, hech narsasiz qolishi ham mumkin. Shuning uchun muloqotga o`rgatishning muhim yo`nalishlaridan biri - odamlarni faol tinglashga, bunda barcha paralingvistik va noverbal omillardan o`rinli foydalanishga o`rgatishdir. Bu borada professional tinglash texnikasiga quyidagilar kiradi:

  • aktiv xolat. Bu - agar kreslo yoki divan kabi mebel bo`lsa, unga bemalol yastanib yoki yotib olmaslik, suhbatdoshning yuzidan tashqari joylariga qaramaslik, mimika, bosh chayqash kabi harakatlar bilan uning har bir so`ziga qiziqayotganligingizni bildirishni nazarda tutadi;

  • suhbatdoshga samimiy qiziqish bildirish. Bu nafaqat suhbatdoshni o`ziga jalb qilib, balki keyin navbat kelganda o`zining har bir so`ziga uni ham ko`ndirishning samarali yo`lidir.

  • o`ychan jimlik. Bu suhbatdosh gapirayotgan paytda yuzda mas’uliyat bilan tinglayotganday tasavvur qoldirish orqali o`zingizning suhbatdan manfaatdorligingizni bildirish yo`li.

Agar biz suhbatdoshimizni yaxshi, diqqat bilan tinglasak, bu bilan biz unda o`z - o`ziga hurmatni ham tarbiyalaymiz. Demak, tinglash jarayoni ko`pchilik tasavvur qilgani kabi unchalik passiv jarayon emas ekan. Uning muloqotning samarali bo`lishidagi ahamiyati nihoyatda katta. Chunki tinglash qobiliyati gapiruvchini ilhomlantiradi, uni ruhlantiradi, yangi fikrlar, g`oyalarning shakllanishiga sharoit yaratadi. Shuning uchun ma’ruzachi professorning har bir chiqishi va ma’ruzasi agar talabalar tomonidan diqqat bilan tinglansa, bu pedagogik muloqotdan ikkala tomon ham teng yutadi.

Agar muloqot jarayonida ishtirok etuvchi ikki jarayon - gapirish va tinglashning faol o`zaro ta’sir uchun teng ahamiyatini nazarda tutsak, bu jarayon qatnashchilarining psixologik savodxonligi va muloqot texnikasini egallashining ahamiyatini anglash qiyin bo`lmaydi. Shuning uchun ham ijtimoiy psixologiyada odamlarni samarali muloqotga ataylab o`rgatishga juda katta e’tibor beriladi. Bu boradagi fanning o`z uslubi bo`lib, uning nomi ijtimoiy psixologik trening (IPT) deb ataladi. IPT - muloqot jarayoniga odamlarni psixologik jihatdan hozirlash, ularda zarur kommunikativ malakalarni shakllantirishdir. Eng muhimi IPT mobaynida odamlarning muloqot borasidagi bilimdonligi ortadi.

Muloqotda nizolar holatlar va shaxs toifalari

O`z vaqtida Banopart Napoleon shunday yozgan ekan: “Qilich bilan har narsa qilish mumkin, faqat uning ustiga o`tirib bo`lmaydi”. Bu fikrida u ko`pincha insonlar o`rtasida bo`lib turadigan nizolarni, ziddiyatlarni nazarda tutgan ekan. Chunki totalitar yoki diktatorlik boshqaruvi sharoitida ziddiyatlarning bo`lishi tabiiy bo`lib, uning yagona yechimi - uzil-kesil uni hal qilish choralarini izlash bo`lgan. Lekin demokratik munosabatlar sharoitidagi rahbar hamda uning qo`l ostidagilar o`rtasida yoki xodimlar o`rtasida kelib chiqadigan nizolar yoki ziddiyatlarning tabiati va mohiyati biroz boshqacha bo`ladi.

Avvalo shuni e’tirof etish lozimki, insoniy munosabatlarning har qanday tizimida ham fikrlarning rang-barang bo`lishi va ular o`rtasida farq bo`lishi muqarrar xoldir. Lekin ana shunday fikrlardagi farqni salbiy holat deb hisoblab bo`lmaydi.

Nima sababdan mehnat jamoalarida turli xil nizolar kelib chiqadi. Buning bir necha sabablari bor:

  • alohida shaxs va jamoatchilik manfaatlarining mos kelmasligi;

  • ayrim alohida jamoa a’zolari xatti-harakatlarining ijtimoiy, gruppaviy normalarga zid kelishi (tartibsizlik, intizomning buzilishi, mahsulotdagi brak, ishning samarasizligi va b.q.);

  • jamoa a’zolari qarashlaridagi nomuvofiqliklar;

  • ishni tashkil etish va mehnatga munosabatdagi farqlar;

  • ishchi-xodimlar o`rtasidagi vazifalarning to`g`ri taqsimlanmaganligi va h-zo.

Demak, yuqoridagi holatlarko`p hollarda quyidagi turdagi nizoli vaziyatlarni keltirib chiqaradi:

  1. ta’sirning yo`nalishigako`ra: vertikal va gorizontal;

  2. nizoni hal qilish usuliga ko`ra: antogonistik va kelishuvga olib keladigan nizolar - kompromiss;

  3. namoyon bo`lish darajasigako`ra: ochiq, yashirish, potensial, asosli;

  4. ishtirokchilar soniga ko`ra: shaxsiy, shaxslararo, guruhlararo;

  5. kelib chiqish tabiatiga ko`ra: milliy, etnik, millatlararo, ishlab chiqarish, hissiy-emotsional.

Agar yuqoridagilarni tahlil qiladigan bo`lsak, “gorizontal nizolar” hayotda eng ko`p uchraydi. Bunday nomurosozliklar aksariyat hollarda xodimlar o`rtasida ayrim a’zolarning ishni yaxshilash, yangi ish metodlarini joriy etish, axloq normalarini himoya qilish, adolat uchun kurash, ilg`or jamoa a’zolarining shu yerdagi ma’naviy muhitni sog`lomlashtirish borasidagi fikrlarini ayrimlar tomonidan e’tirozlar bilan qabul qilishi natijasida ro`y beradi.

“Vertikal nizolar” esa ko`pincha rahbar bilan xodim o`rtasida sodir bo`lib, u bir qarashda liderlikka da’vogarlik, yuqoridan taz’yiq, pastdan turib boshqa xodimlar yoki kuchlar atrofida birlashish, saralanishlar oqibatida kelib chiqadi. Bunda nizoning tashabbuskori va bosh aybdori kimligiga bog`liq tarzda uni xal qilish usuli tanlanadi. Masalan, agar boshliq xodimning ishga mas’uliyatsizligidan noroziligi tufayli paydo bo`lgan nizo bilan uning professionalizm borasida xadeb “O`zini ko`rsatayotganligidan” noroziligi tufayli kelib chiqadigan nizoning ham farqi bor.

Har qanday nizoning asl tub mohiyati shundaki, uning paydo bo`lishi ayrim o`zgarishlarga olib keladi. Bu o`zgarish ijobiy o`zgarishlarni keltirib chiqarsa, uni konstruktiv, salbiy oqibatlar yoki xodimlar qo`nimsizligini keltirib chiqarsa, destruktiv xarakterli deb ataymiz.

Nizolar yuzga kelishida ikki xil shart-sharoit mavjud. Ob’ektiv shart- sharoitlarga:

  • Mehnat qilish uchun sharoitning yomonligi;

  • Xodimlar orasida majburiyat va vazifalarning noto`g`ri taqsimlanganligi;

  • Boshqaruv tizimidagi nomutanosibliklar;

  • Qo`yilgan vazifalarga mos professionallikni xodimlarda kuzatilmasligi;

  • Ishchi o`rinlarining yetishmasligi tufayli, ishlarning taqsimlanishidagi adolatsizlik;

  • Mehnatni tashkil etish va mehnatga haq to`lashda adolatsizlik xolatlarini kuzatilishi.

Nizolar yuzaga kelishida sub’ektiv shart-sharoitlarga:

  • Ishbilarmonlik munosabatlarida negativ yo`llarni ko`rinishi;

  • Shaxslararo munosabatlarda shaxsga oid xususiyatlarning namoyon bo`lishi.

  • Muomalani tashkil etishda no`noqlik va savodsizlikning kuzatilishi.

Har bir nizo alohida hodisa sifatida tahlil qilinadi, lekin ularning barchasiga xos bo`lgan ayrim qonuniyatlar borki, ularga avvalo uning bosqichlari yoki fazalari kiradi:

  1. Nizo oldi bosqich - konfrontatsiya

  2. Nizoning o`zi - kompromiss yoki janjal

  3. Nizodan chiqish - muloqot yoki dissonans.

Demak, birinchi bosqichda konkret masala yuzasidan fikrlar yoki qarashlarda tafovut yoki qarama-qarshilik uchun shart-sharoit paydo bo`ladi. Tomonlar o`rtasiga sovuqchilik tushadi, ular o`zaro kelisholmay qoladilar, agar bunda tashqaridan qaraganda, ko`zga tashlanadigan nizo bo`lmasa-da, o`sha shaxslarning o`zi bir-birlariga nisbatan munosabatlarida buni his qila boshlaydilar. Agar rahbar aynan shu bosqichda hodisaga aralashib, o`z vaqtida oqilona qarorlar qabul qilolmasa, nizo ikkinchi bosqichga o`tadi.

Ikkinchi bosqichda har ikkala tomon o`z qarashlarini qarshi tomonnikidan afzal bilib, ochiqchasiga bir-birlarini ayblay boshlaydilar. Shu paytda boshliq ularni kelishtirishga urinadi, agar bu “urinish” alohida - alohida tarzda tomonlarni kabinetga chaqirib ro`y bersa, vaziyat yanada taranglashib, ziddiyat chuqurlashishi, tomonlar o`z xolicha boshliqni ham o`zining tarafdori qilib, u ham nizoning ishtirokchisiga aylanib qolishi muqarrar bo`lib qoladi. Shuning uchun ham psixologiya har qanday nizoni tomonlarni birga chaqirgan holda hal qilish va kompromiss qarorlar chiqarishga tayyor turishni tavsiya etadi. Buning uchun rahbarda nizoning taxminiy obrazi va uni hal qilishga bir nechta alternativ yechimlar bo`lishi kerak. Boshliq biror tomonga ko`proq yon bosa boshlasa ham, nizoning ishtirokchisiga aylanadi. Shuning uchun u xolis tarzda nizoning kelib chiqish sabablari, kimlarning manfaatiga zid ishlar qilinayotganligi, nizo ishtirokchilarining shaxsiy va professional xususiyatlari, kuchli va kuchsiz tomonlarini tahlil qilib, nizoning “portreti” ni o`zi uchun tasavvur qila olishi kerak. Shundan keyingina, tomonlarni chaqirib, masalaga yanada oydinliklar kiritib, tomonlarni kelishuvga chaqiradi. “Men nima bo`lganini, muammo nimada ekanligini bilish uchun Sizlarni chaqirdim” deb gap boshlashi va har bir tomonning fikri muhimligini ta’kidlab, ayni paytda vaziyatni qattiq nazorat qilishi, uning kechishini boshqarishi lozim.

Nizoli xolatlarda shaxsning qanday xulq-atvor xususiyatlarini namoyon etishiga qarab turli toifalarini kuzatiladi. F.M.Borodkin va N.M.Koryaklar nizoli vaziyatlarda olti xil shaxs tiplari-toifalarini ko`rsatib berganlar. Bular:

        1. Namoyishkorona toifadagi nizoli shaxs.

        2. Rigid toifadagi nizoli shaxs.

        3. Boshqarib bo`lmaydigan toifadagi nizoli shaxs.

        4. Aniqlikni talab etadigan toifadagi nizoli shaxs.

        5. Nizosiz toifadagi nizoli shaxs.

        6. Maqsadga yo`naltirilgan toifadagi nizoli shaxs.


Namoyishkorona toifadagi nizoli shaxs xislatlari:

  • Diqqat markazda bo`lishni istaydi;

  • Boshqalar ko`z oldida yaxshi ko`rinishni xoxlaydi;

  • Uning boshqalarga bo`lgan munosabati, odamlarning unga munosabatidan kelib chiqadi;

  • Osongina yuzaki nizolarga berila oladi;

  • Turli vaziyatlarga osongina moslashadi;

  • Emotsional jihatdan faol bo`lib, aqlan ish ko`rmaydi;

  • Vaziyatga qarab ishini tashkil etadi va xar doim ham amal qilmaydi;

  • Sistemali, og`ir ishlardan o`zini olib qochadi;

  • Nizolardan chekinmaydi, janjalli vaziyatlarda o`zini yomon his etmaydi;

  • Ko`pincha nizolarga sababchi bo`ladi, lekin o`zini unday hisoblamaydi.


Rigid toifadagi nizoli shaxs xislatlari:

  • Shubhaga beriluvchan;

  • O`zini baholashi o`ta yuqori;

  • Doimo shaxsan tan olinishini talab etadi;

  • Vaziyat o`zgarishi va sharoitlarni inobatga olmaydi;

  • To`g`ri va tushunmaydigan, ya’ni moslashmaydigan;

  • Qiyinchilik bilan atrofidagilarning fikriga kiradi, boshqalarning fikriga u qadar qo`shilmaydi;

  • Boshqalar tomonidan unga e’tibor ko`rsatilishini majburiyatdek ko`radi;

  • Boshqalar tomonidan kelishmaslik yoki qo`shilmaslikni xafagarchilik bilan qabul qiladi;

  • O`z harakatlariga nisbatan tanqidiy qaramaydi;

  • Nihoyatda arazchi, haqiqiy yoki arzimas nohaqliklarga ham ta’sirchanlikni namoyon etadi.


Boshqarib bo`lmaydigan toifadagi nizoli shaxs xislatlari:

  • O`zini yetarli darajada nazorat qilolmaydi;

  • Xulqini aniq aytib bo`lmaydi;

  • O`zini agressiv va nihoyatda zardalik bilan ko`rsatadi;

  • Aksariyat xollarda umumqabul etilgan ijtimoiy normalarga rioya etmaydi;

  • Yuqori darajada o`zini baholash xususiyatiga ega;

  • O`z shaxsini ta’kidlanishini kutadi;

  • Omadsizliklar va xatolarda boshqalarni ayblashga moyil;

  • O`z faoliyatini rejali tashkil eta olmaydi yoki rejalarini hayotga ketma-ketinlik bilan joriy eta olmaydi;

  • O`z maqsadi va sharoitlarini moslashtira olish qobiliyati yetarli rivojlanmagan;

  • O`tgan tajribadan kelajak uchun saboq chiqarmaydi.


Aniqlikni talab etadigan toifadagi nizoli shaxs xislatlari:

  • Ishga nihoyatda jiddiy yondashadi;

  • O`ziga nihoyatda yuqori talab qo`yadi;

  • Atrofidagilarga yuqori talablar qo`yadiki, bu ularga nisbatan go`yoki ta’qibdek tuyuladi;

  • Yuqori darajada xavotirlanish xislatiga ega;

  • Hamma narsaga nihoyatda e’tiborli;

  • Atrofidagilarning tanqidiy fikriga katta ahamiyat beradi;

  • Gohida do`stlari, tanishlari bilan munosabatlarni uzadiki, bu go`yoki uni xafa qilganlari oqibatidek tuyuladi;

  • Gohida o`zi-o`zidan aziyat chekadi, xatolaridan qayg`uradi, xatto gohida bu xatolarga nisbatan bosh og`riqlari, uyqusizlik sifatida javob qaytaradi;

  • Tashqi jihatdan xissiyotlarini oshkora etmaslikni ma’qul biladi;

  • Guruhdagi real o`zaro munosabatlarni yaxshi his etmaydi.


Nizosiz toifadagi nizoli shaxs xislatlari:

  • Fikrlari va qarashlarida beqaror;

  • Yengil ishonish xislatiga ega;

  • Ichki qarama-qarshi fikrlarga ega;

  • Harakatlarida bir qadar uyg`unlik yo`q;

  • Vaziyatlarda bir lahzalik yutuqlarga tayanadi;

  • Kelajakni, istiqbolni yetarli darajada ko`ra olmaydi;

  • Liderlarning va atrofidagilarning fikriga tobe;

  • Murosaga kelishga intiladi;

  • Yetarli darajada irodaga ega emas;

  • O`z xatti-harakatlari oqibatlarini va boshqalarning xarakatlari sabablarini chuqur o`ylamaydi.



Maqsadga yo`naltirilgan toifadagi nizoli shaxs xislatlari:

  • Nizoni o`z maqsadlariga yetishish uchun omil sifatida qara ydi;

  • Nizolarni hal etishda faol tomon sifatida o`zini namoyon etadi;

  • O`zaro munosabatlarda ta’sir ko`rsatishga moyil;

  • Nizolarda maqsadli harakat qiladi, tomonlarning xolatini baholay oladi, turli xolatlarni xisoblaydi;

  • Janjalli vaziyatlarda muomalani samarali ta’sir usullarini qo`llay oladi.

Bu nizoli shaxs toifalari o`zaro munosabatlarda namoyon bo`lar ekan, qaysi toifa bilan qanday ishbilarmonlik munosabatlarini o`rnatishga, muzokaralar olib borishga bevosita ta’sir etadi. Shuning uchun xamkorlikka kirishishda albatta kuzatuvchan bo`lish, har bir harakat maqsadini anglash malakalarini tarkib toptirish muhimdir.


Mavzu yuzasidan qisqacha xuloMuloqotda shaxslararo ma’lumot almashini, biri-biriga ta’sir ko`rsatish, biri-birini tushunish mexanizmlari, ta’sir ko`rsatish vositalari bayon etib berilgan. Shuningdek, muloqotda verbal (so`zli), noverbal (nutqsiz), paralingvistik (nutq bezaklari va turli xolat) vositalarning ahamiyatiga oid bilim va tushunchalar aks ettirib berilgan.

Nazorat savollari va mustaqil ishlar mavzulari:

1. Muloqotning kommunikativ tomoni - ma’lumotlar almashinuv jarayonidir.

2. Muloqotning verbal, noverbal, paralingvistik vositalari.

3. Muloqotning interaktiv tomoni va shaxslararo munosabatlardagi uning o`rni.

4. Muloqotning perseptiv tomoni jihatlari.

5. Stereotiplardan foydalanish shartlari.


Mavzu yuzasidan adabiyotlar ro`yhati:

  1. G`oziev E.G. Umumiy psixologiya. Toshkent. 2002.1-2 kitob.

  2. G`oziev E.G. Muomala psixologiyasi. T-2001.

3. Vedenskaya L.V, Pavlova L.A. Delovaya retorika: uchebnoe posobie dlya vuzov.- M.:IKS “MarT”, 2004-512 s.

4. Nemov R.S. Prakticheskaya Psixologiya Poznanie sebya: Vliyanie na lyudey:Posobie dlya uch-sya-M:Gumanit. Izd.Sentr VLADOS, 2003, - 320 s.

5. www.expert.psychology.ru 

6. www.psycho.all.ru 

Manba: https://uz.denemetr.com/docs/768/index-94185-1.html?page=10
Категория: Ta'lim tizimi | Просмотров: 1585 | Добавил: polvonnazir96 | Теги: talim, pedagogika, malaka_oshirish | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
Yosh bo‘yicha cheklov Yosh bo‘yicha cheklov