Shizofreniya. Bu qanday kasallik?

Shizofreniya. Bu qanday kasallik?
Tibbiyot
31.10.2022, 18:01
189
0

Shizofreniya [yun. schizo – boʼlinish va phren – aql, ong, fikr] – ruhiy kasallik; etiologiyasi nomaʼlum. Koʼproq 18-35 yoshgacha boʼlgan davrda kuzatiladi.
 
Kasallik alohida nozologik shaklga ega boʼlguniga qadar koʼpgina psixiatr olimlar tomonidan oʼrganilgan. Nemis psixiatri Ye. Krpelin 1898 y. birinchi marta ushbu kasallikni «de-mentia praecos», yaʼni «Ilk esi pastlik» deb nomlagan. 1911 y. Shveytsariya psixiatri Ye. Bleyler bu ruhiy kasallikning klinik kechishini yanada chuqurroq oʼrganib, uning asosida assotsiativ jarayonlarning buzilishlari yotishini, buning oqibatida esa ruhiyatning parchalanishini asoslab, kasallik nomini shizofreniya deb atagan. Haqiqatan ham, shizofreniyaning asosida fikrlash, mulohaza yuritish jarayonining buzilishi yotadi. Kasallik, koʼpincha, zimdan, asta-sekin boshlanadi. Shizofreniya, koʼpincha, odamovi, kamgap, hissiyotlari sust feʼl-atvorli kishilarda rivojlangani uchun ham ular atrofidagi kishilarda ancha vaqtgacha hech qanday shubha ugʼotmaydi. Bemor, odatda, tez toliqish, quvvat, gʼayrat va havas pasayganidan shikoyat qiladi, uni faollashtirishga javoban, serzarda va injiqlik qiladi. Bu shizofreniyaning oʼziga xos asteniya holatidir. Bu holat boshlanishida oʼziga xos hissiy buzilishlar, kayfiyatning besabab oʼzgarishi, loqaydlik, vahimaga tushish kuzatiladi. Odamovilik (autizm) kuchayadi, bemor jamiyatdan butunlay chetlashib qoladi; injiqlik, oʼchakishish, sababsiz vahimaga tushish kuchayadi. Qoʼrquv va miyadan ketmaydimi «shilqim fikrlar» oqibatida irim sifatlari paydo boʼladi. Masalan, ishxonaga sogʼ-omon yetib olishi uchun ostonadan chiqqan, chap yelka tomonga qayrilib uch marta tuflab olish va h. k. Bemorning fikrlari borgan sari oʼz-oʼzidan quyulib kelaverdigan bemaʼni va befoyda mulohazalar quyunidan (mentizm) iborat boʼladi. Masalan, bemor tunu kun nega Odamda ikkita oyogʼi, hayvonlarda toʼrtta deb, oʼylab yuraveradi. Bu davrda, koʼpincha, kuchli bosh ogʼrigʼi, uyqu buzilishi kuzatiladi.
 
Аsta-sekin kasallikning ilk davri uning rivojlangan bosqichiga oʼtadi, bunda bemorning fikr-mulohazalari, tafakkuri ayniydi. U oʼzining atrofidagi koʼrib turgan narsalarni bemaʼni ichki hissiyotlari bilan bogʼlaydi; ramziy (simvolik) mulohazalar paydo boʼladi, bunda bemor atrof-muhitdagi narsalarga, mavjud voqeaga boshqacha maʼno bera boshlaydi. Masalan, stol ustida yotgan pichoq goʼyo uni kimdir oʼndirmoqchi boʼlayotgani haqida ogohlantiridek tuyuladi. Fikrlar uzukligi (shperrung), bir-biriga maʼnosiz (paralogik, alogik) mulohazalar yuritish, gap oʼrtasida hech qaysi tilda ishlatilmaydigan yangi soʼzlarni ishlatish (neologizm), bir xil soʼzlarni qaytaraverish (perseveratsiya), bir vaqtning oʼzida bir-biriga qarama-qarshi maʼnodagi fikrlarni aytish (fikrlar ambivalentligi] – bular hammasi shizofreniyaga xos tafakkur buzilishlaridir. Shizofreniyada hissiyotlar ambivalentligi ham koʼp uchraydi; bemor oʼzining yaqin kishilari (ota-onasi va h. k.) ga qarama-qarshi munosabatda (mehrga nisbatan nafrat va bemehrlik) boʼladi. Baʼzan hissiy tubanlashuv alomatlari (apatiya) yuzaga keladi, iroda susayadi (abuliya), bemor butunlay uydan chiqmay qoʼyadi, hatto oʼziga ham befarq boʼlib qoladi (apatoabulik holat). Xulq-atvor butunlay ayniydi, mayl buzilishlari (ovqat, jinsiy hirs buzilishlari) vujudga keladi. Negativizm va katotonik belgilar kuzatiladi. Shu bilan bir qatorda shizofreniyaga idrok etishning turli xil aldanishlari (illyuziya va gallyutsinatsiyalar) paydo boʼlishi xos. Bunga senestopatiyalar (badanning turli qismida noxush sezgilar paydo boʼlishi) hamda «tovush eshitish», «hid kelishi», «taʼmning paydo boʼlishi», «tana ichidagi sezgilar» gallyutsinatsiyalari kiradi. Bemor aslida yoʼq soʼkish, doʼq, poʼpisa va buyruq ovozlarini eshitadi, chirish va boshqa noxush hidlarni sezadi va h. k. Vasvasa gʼoyalari yuzaga chiqadi, bu, koʼpincha, «taʼqib qilish», «munosabat» va «taʼsir etish» tarzida namoyon boʼladi. Bu psixik avtomatizm hodisasi boʼlib, bunda bemor oʼzida kechayotgan ruhiy jarayonni «begonadek», uning fikr va mulohazalari, harakatlarini qandaydir yot kuchlar «zoʼrlab» boshqarayotgandek tuyuladi. Bu esa, koʼpincha, depersonalizatsiya («men» – «men emas») tarzida kechib bemor oʼzining tashqi koʼrinishi, tovushi yoki butun tanasini begonanikidek his etadi va h. k. Shizofreniyaning mavjud klinik belgilari ichida muayyan alomatlarning birinchi oʼrinda ustun boʼlib koʼrinishini hisobga olib uning quyidagi turlari farq qilinadi. 1) oddiy turi – bunda, asosan, hissiyot, iroda, fikrlash va xulq-atvorning buzilishlari ustun boʼlib, vasvasa va gallyutsinatsiyalar kamdan-kam uchraydi; 2) gebefrenik turi – bu oʼspirinlarda kuzatilib, unda shilqimlik, masxarabozlik qilish, uzuk-yuluq gallyutsinatsiyalar, vasvasa gʼoyalari ustun turadi; 3) katatonik turi – bunda, asosan, katatonik qoʼzgʼalish yoki katatonik tormozlanish alomatlari ustun turadi; 4) paranoid turi – vasvasa gʼoyalari (taʼqib etish, zaharlanish, rashk, sehr-jodu, ixtirochilik va h. k.) va chin hamda soxta gallyutsinatsiyalar (har xil hid va tovushlar kelishi) mavjudligi bilan ifodalanadi.
 
Shizofreniya kechishiga qarab uzluksiz kechuvchi, rekurent (xurujli), xurujsimon – rivojlanuvchi (shubsimon) turga boʼlinadi, bularning har biri xavfli, sekin va oʼrtacha kechadi.
 
Shizofreniyaning kelib chiqish sabablari hanuz noaniq boʼlishiga qaramay qator nazariyalar mavjud. Masalan, moddalar, jumladan, karbonsuvlar, fermentlar, neyromediator, mikroelemenlar, vitaminlar va h. k. almashinuvining buzilishi. Bundan tashqari, endotoksikoz (autoitoksikatsiya) nazariyasi ham bor, bunda shizofreniya bilan ogʼrigan bemorning qoni, orqa miya suyuqligi, siydigi, oʼti, hayvon va oʼsimlik hujayralarining oʼsishi va rivojlanishidan toʼxtatishi maʼlum boʼlsa-da, toksik moddaning tabiati aniqlanmagan. Shizofreniyaning kelib chiqishida irsiy omillarga ham katta eʼtibor beriladi. Kasallikni psixiatr shifokor davolaydi. Davo bemorning umumiy holati, kasallikning turi va alomatlariga qarab olib boriladi. Davolash qancha erta va toʼliq boʼlsa, kasallik oqibati yaxshi boʼladi.
Ctrl
Enter
Заметили ошЫбку
Выделите текст и нажмите Ctrl+Enter
Izohlar (0)
Eng koʻp oʻqilgan
Motivatsiya nima? Motivatsiya nima?

Motivatsiya - bu maqsadga yo'naltirilgan xatti-harakatlarni boshlaydigan, boshqaradigan va sa...

09.10.2022, 16:12
482
0
Anoreksiya Anoreksiya

Аsab tizimi faoliyatining buzilishi oqibatida yuzaga keluvchi anoreksiya — ogʼir psixologik va fiziologik xa...

10.10.2022, 21:12
158
0
Yosh bo‘yicha cheklov Yosh bo‘yicha cheklov